O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI TA’LIM SIFATINI NAZORAT QILISH DAVLAT INSPЕKSIYASI

Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda.

Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda.

Inspeksiya telefoni
998 71 231-07-53 Batafsil
  • Oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish muammolari nega bartaraf boʻlmayapti?
    ...

    Mehnat insonning hayotida muhim oʻrin tutibgina qolmay, turmushni mehnatsiz, yaratuvchiliksiz tasavvur etib boʻlmaydi. Mehnat tarbiyasi tarbiyaning magʻzini, mazmunini tashkil etadi. Barcha xalqlarning eng ilgʻor anʼanalari mehnat jarayonida paydo boʻlib takomillashadi. Mehnat anʼanalarining tayanchi sifatida yoshlarni hayotga, ijtimoiy mehnat faoliyatida ishtirok etishga tayyorlash ham muhim rol oʻynaydi.

    Prezidentimizning “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualari (OʻICHM) yoshlarimizni kasbga oʻrgatish vazifasini lozim darajada bajarmaganligi sababli haqli ravishda tugatilmoqda.

    Nega? Chunki, ayrim hududlarda tashkil etilgan OʻICHM bilan biriktirilgan maktablar oʻrtasidagi masofa oʻrtacha 8-12 km, baʼzilari 40 km masofagacha uzoqlikda joylashgan edi. Bu esa oʻz navbatida transport qatnovida ham muammolarni keltirib chiqarardi.

    OʻICHMlaridagi yana bir salbiy holat bu, pedagog-xodimlarning yetishmasligida edi, yaʼni ayrim kasblar boʻyicha joylarda nomutaxassis kadrlarga oʻquv yuklamalari asossiz ravishda belgilandi yoki umuman darslar oʻtilmagan holatlar ham kuzatildi.

    Bundan tashqari, OʻICHMda kasblar boʻyicha moddiy-texnik baza talabga javob bermas edi. Ayrim OʻICHMlarida “Qandolatchilik”, “Milliy taomlar oshpazi”, “Sartaroshlik”, “Shinomontajchi”,“Mebel ishlari ustasi”, “Duradgor” va boshqa kasblar boʻyicha zarur jihozlar boʻlmaganligi, mavjudlari ham maʼnan eskirganligi sababli barcha kasbiy fanlar va amaliy mashgʻulotlar faqat auditoriyalarda nazariy shaklda olib borilishi, oʻquvchilarning kasbga boʻlgan qiziqishlari hamda dars mashgʻulotlariga qatnashish davomatlariga salbiy taʼsir koʻrsatib keldi. OʻICHMlarida pedagog-xodimlar tomonidan “Tikuvchilik” kasbi boʻyicha qoʻl tikuv mashinalari, “Milliy taomlar oshpazi” boʻyicha “qozon-kapgir” keltirilganligi ham kuzatildi. Respublika boʻyicha oʻquvchilarning amaliy mashgʻulotlarni bajarishlari uchun xom-ashyo materiallari ajratilmagan edi. OʻICHMlarida imkoniyatga qarab, oʻquvchilar oʻzlari bilan olib kelgan materiallar hisobidan yoki pul yigʻib amaliy mashgʻulotlar oʻtkazib kelinar edi. Ammo davr talabidan kelib chiqib, hozirgi kunda bu tartib asosidagi taʼlim tizimi talabga javob bermasligi hech kimga sir emas.

    Bugungi kunda mamlakatimizda uzluksiz taʼlim tizimida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri yoshlarni chuqur bilim olishlari, isteʼdodlarini roʻyobga chiqarishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu bilan birgalikda ularning mustaqil hayotga tayyorlash koʻnikmalarini ham shakllantirib borish taʼlim tizimining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

    Aynan shuning uchun zamonaviy bilim olish bilan bir qatorda oʻquvchi yoshlarda hayotiy koʻnikmalarni shakllantirib borish, oddiy qilib aytadigan boʻlsak, yoshlarni kasb tanlashga, ularni ijodiy fikrlashga, yoki konstruksion buyumlardan materiallar yasash, oddiygina elektr chirogʻi patronini oʻrnatish, uydagi suv tarmoqlari tizimlari toʻgʻrisida, shuningdek, oddiy yogʻochga ishlov berish, uy roʻzgʻorda kichik taʼmirlash ishlari va hokazolar kabi hayotiy kasbiy koʻnikmalarni toʻliq yetkazib berolmayotganligimiz hech kimga sir emas.

    Biz yoshlar tarbiyasida “Texnologiya” faniga hayotiy ehtiyoj sifatida qarashimiz bilan oʻquvchini betartiblik va dangasalik kasalliklariga chalinishini oldini olibgina qolmay, uning kelajakdagi maʼlum bir kasb egasi boʻlishiga zamin yaratamiz. Aks holda oʻsib kelayotgan yosh avlod oʻz holiga tashlab qoʻyilganda mehnatga boʻlgan tabiiy intilishi soʻnadi va oʻz mehnatidan qanoat hosil qilishni esa oʻyin-kulgidan qidira boshlaydi. Oʻyin-kulgida rivojlangan ehtiyoj mehnatga boʻlgan tabiiy ehtiyojni batamom siqib chiqarishi moddiy va maʼnaviy qashshoqlikka olib keladi.

    Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 9 500 dan ortiq umumiy oʻrta taʼlim maktablarini har yili 500 000 ga yaqin oʻquvchi-yoshlar bitirib, ularning 10-15 foizi taʼlimning keyingi bosqichlarida (oliy taʼlim muassasalarida) oʻqishlarini davom ettirishadi. Qolgan 85-90 foiz bitiruvchilar oʻzlarining mehnat faoliyatlarini boshlashlari yoki professional taʼlim muassasalarida kasb-hunar oʻrganishlari uchun umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻqitilayotgan “Texnologiya” faniga ajratilgan soatlar hajmi, oʻquv dasturi mazmunini xorijiy mamlakatlarning taʼlim dasturlari asosida tubdan qayta koʻrib chiqish va takomillashtirishni taqozo qiladi.

    Bugungi kunda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining yuqori sinflarida oʻqitilayotgan ushbu fan dasturi mazmuni oʻquvchilarga dastlabki hayotiy kasbiy koʻnikmalarni egallashlari uchun talabga javob beradimi?

    Ushbu dolzarb yoʻnalishda xorijiy mamlakatlar taʼlim tizimi qanday yoʻlga qoʻyilgan?

    Umumiy oʻrta taʼlim maktablarining yuqori sinflarida (10-11-sinflar) oʻqitilayotgan “Texnologiya” fanining oʻqitilishi boʻyicha bir qator xorijiy mamlakatlarning, jumladan, Rossiya, Belarus, Germaniya, Bolgariya, Qozogʻiston kabi davlatlarning tajribalari qiyosiy tahlil qilindi.

    Oʻrganilgan 16 ta mamlakatlarning umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Texnologiya” fani majburiy fan sifatida oʻqitilib, yillik rejadagi fanning ulushidan 7 foizdan 12 foizgacha soatlar hajmi belgilangan. Jumladan, Germaniyada 11 foiz, Italiyada 7 foiz, Bolgariyada 9 foizni tashkil etsa, ushbu koʻrsatkich Oʻzbekistonda 5-9-sinflarda 5 foizni tashkil etadi, xolos.

    Shu bilan birgalikda oʻquvchi yoshlarga kasb koʻnikmalarini shakllantirib borishda ayrim rivojlangan mamlakatlarda jumladan, Finlyandiya, Avstriya, Latviya, Norvegiya, Rossiya, Turkiya kabi davlatlarda qoʻshimcha ravishda “Amaliy va kasbiy koʻnikmalar” nomli fan oʻqitilishi yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, Oʻzbekistonda “Texnologiya” fani oʻquv dasturi mazmuniga 6 soatlik “Kasb tanlashga yoʻllash” mavzulari bilan chegaralanib qolingan.

    Shuningdek, xorijiy mamlakatlardan Janubiy Koreyada umumiy oʻrta taʼlim maktablarining oʻquv rejasida “Texnologiya” fani 5-6-7-sinfdan bir oʻquv yiliga 68 soatdan, 8-9-10-sinflarda 102 soatdan ajratilgan.

    Rossiyada esa “Texnologiya” fani 8-9-sinflarda haftasiga 1 soatdan yiliga 36 soat, shuningdek, 10-sinfda 36 soat, 11-sinfda 34 soat dars oʻtilsa, 10-11-sinflar uchun oʻquv rejada “Kasbiy istiqbolga erishish texnologiyasi. Mehnat bozorida samaraga erishish” fani ham mavjud boʻlib 10-sinfda 36 soat, 11-sinfda 34 soat oʻqitiladi. Bundan koʻrinib turibdiki, 10-11-sinflarda “Texnologiya” va “Kasbiy istiqbolga erishish texnologiyasi. Mehnat bozorida samaraga erishish” fanlari yiliga 70 soatdan 140 soat jami 2 yilda 280 soat kasbiy taʼlimga yoʻnaltirishga ajratilgan.

    Belarusda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Mehnat taʼlimi” 8-9-sinflarda haftasiga 1 soatdan, 10-11-sinflarda esa haftasiga 6 soatdan umumtaʼlim fanlar hamda qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan oʻquvchilar uchun maxsus madaniyat va sanʼatga chuqurlashtirilib oʻqitiladigan maktablarning maxsus fanlaridan fakultativ soatlar asosida ham oʻqitiladi.

    8-9 sinf oʻquvchilari uchun kasbga yoʻnaltirish, 10-11-sinf oʻquvchilari uchun kasb-hunarga tayyorlash bosqichlari asosida amalga oshiriladi.

    Bunda 8-sinf oʻquvchilari haftasiga 2 soatdan, 9-sinf oʻquvchilari haftasiga 4 soatdan, 10-11-sinf oʻquvchilari uchun haftasiga 6 soatdan (2 soat nazariy, 4 soat amaliy) kasbga yoʻnaltirish fakultativ soatlari hisobidan amalga oshiriladi.

    Oʻquvchi yoshlarga mustaqil ishlash koʻnikmalarini rivojlantirib borish maqsadida Rossiyada “Texnologiya” fani oʻquv dasturi mazmuniga “Konstruksion buyumlardan materiallar yasash” (22 soat), “Chizmachilik va grafika” (10 soat) kabi mavzularni oʻqitish orqali kasbiy koʻnikmalari shakllantirilsa, Belarus maktablarida esa ”Veb-saytlarni yaratish va konstruksiyalash” (6 soat), “Tadbirkorlik asoslari” (10 soat) kabi mavzular, Qozogʻistonda “Yogʻochga qoʻlda ishlov berish” (7 soat), “Metallarga qoʻlda ishlov berish” (8 soat) kabi mavzularni oʻqitish orqali kasbga yoʻnaltirish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

    Oʻzbekistonda esa “Texnologiya” fani 8-9-sinflar uchun haftasiga 1 soatdan oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 10-11-sinflarda esa joriy etilmagan.

    Rivojlangan xorij mamlakatlari tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekiston umumiy oʻrta taʼlim tizimida 10-11-sinf oʻquvchilari uchun “Texnologiya” fanini kiritish hamda unga haftasiga kamida 2 soatdan jami 136 soat ajratish, oʻquv dasturlarini tubdan qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish maqsadga muvofiq boʻlar edi.

    G.Jabborova, A.Ochilov

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

    Taʼlim sifatini nazorat qilish

    davlat inspeksiyasi xodimlari

    O`xshash yangiliklar
...
17.06.2019 723
Ma’lumki, joriy yilning 7 iyun sanasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 467-son qarori bilan “Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risida nizom” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, har yi...

...
03.11.2018 1359
Ilg‘or xorijiy davlatlar ta’lim tizimiga nazar soladigan bo‘lsak, ta’limning o‘rta bo‘g‘ini mamlakatning iqtisodiyotini rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shadi. Shu o‘rinda mehnat insonni ongli tarzda maqsadga yo‘naltiradigan faoliyat ekanligini unutmasligimiz lozim. O‘sib kelayotgan yosh avlodni mehnatga kasbiy ta’li...
HUDUDIY BO’LIMLAR
SAYT XARITASI