× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Jahon banki vakillari bilan “Inson kapitali indeksi” reytingining 2020-yil uchun natijalari muhokama qilindi
29.09.2020


2020-09-29_17-55-19.png

Bugun, 29-sentyabr kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati hamda Jahon banki vakillari ishtirokida “Oʻzbekiston uchun inson kapitali indeksi-2020” ni muhokama qilishga bagʻishlangan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Xalq taʼlim vaziri Sherzod Shermatov, Jahon banki guruhining Oʻzbekistondagi vakolatxonasining yangi rahbari Marko Mantonavelli, Jahon Bankining IKI boʻyicha amaliyotlar rahbari Garri Patrinos va tegishli mutasaddilar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida 2020-yil uchun eʼlon qilingan “Inson kapitali indeksi-2020” reytingidagi Oʻzbekiston natijalari hamda Jahon banki guruhi bilan kelajakda amalga oshirilishi lozim boʻlgan rejalar muhokama qilindi.

2020-09-29_18-06-28.png

Tadbirda soʻz olgan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev “Inson kapitali indeksi” reytingi uchun oʻtkazilgan tadqiqotlardagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirar ekan, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berdi.

– Dastlabki natijalar shuni koʻrsatadiki, ayniqsa, taʼlim tizimida hali koʻp ishlar qilinishi kerak. Bu orqali koʻrsatkichlar yildan-yilga doimiy ravishda yaxshilanib borishiga erishishimiz mumkin. Inson kapitali indeksini aniqlash uchun maktab oʻquvchilarining bilimi TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollari asosida sinadik. Bunda TIMSS topshiriqlari bizning mavjud dasturlarga yaqinligi, boshlangʻich sinflarimizda taʼlim sifati nisbatan yuqoriligi ham inobatga olishimiz kerak. PISA tadqiqotlarida esa yuqori sinf oʻquvchilarining olgan bilimini amaliyotda qay darajada qoʻllay olinishini tekshiradi. Shu munosabat bilan ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yana-da kuchaytirishimiz lozim. Jahon bankining moliyaviy koʻmagi bilan qator loyihalarni amalga oshirmoqchimiz. Xususan, biz Oʻzbekistonning PISA-2022, PIRLS-2021 xalqaro baholash tadqiqotlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishiga katta umid bogʻlayapmiz, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

2020-09-29_17-28-47.png

Oʻz navbatida Jahon banki vakillari pandemiya sharoiti taʼlim jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi, Oʻzbekistoning mavjud ijobiy koʻrsatkichlarini saqlab qolish, ularni yana-da yaxshilash uchun boʻyicha hamkorlikda davom ettirishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.

2020-09-29_17-18-33.png

Taʼkidlash joizki, xalqaro tadqiqot talablari va savollari asosida sinovlar ikki bosqichda, yaʼni tajriba-sinov hamda asosiy tadqiqot koʻrinishida tashkil etildi. Asosiy tadqiqot jarayoni 2019-yil 25-28-noyabr kunlari Jahon banki tomonidan tanlab olingan 14 ta hududlarda joylashgan 150 ta maktablarda 5-sinf oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazildi. Tadqiqot jarayonida 3922 nafar oʻquvchi ishtirok etdi hamda olingan natijalar Jahon bankiga taqdim etilgan.

Jahon banki tahlillariga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekistonda tugʻilgan bolaning mehnat unumdorligi, balogʻat yoshiga yetganida uning potensial mahsuldorligining 62 foizini tashkil etadi. Tadqiqotda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YAIMga nisbatan taxmin qilgandan koʻra yaxshiroq natija qayd etgan.

Maʼlumot uchun, Jahon banki tomonidan “Inson kapitali indeksi” reytingi 6 ta koʻrsatkich boʻyicha baholanadi: bolaning 5 yoshgacha yashab qolish ehtimoli, maktablardagi taʼlim davriyligi, birlashtirilgan test natijalari, taʼlim sifatiga koʻra maktablardagi oʻquv davriyligi, voyaga yetgan bolalarning yashab qolish koʻrsatkichlari, sogʻlom oʻsish (oʻsish nuqsoni boʻlmagan bolalar ulushi).

2020-yil reytingi uchun oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda tugʻilgan 100 nafar bola 98 nafari 5 yoshgacha yashab qoladi. 4 yoshidan boshlab taʼlim muassasasiga borishni boshlagan bola 18 yoshga toʻlganida 12 yillik maktabni tamomlashini kutishi mumkin. Jahon banki tomonidan oʻtkazilgan uygʻunlashtirilgan test natijalariga koʻra, Oʻzbekiston oʻquvchilarining koʻrsatkichlari 474 ballni tashkil etdi. Bunda 625 ball yuqori taʼlim natijalariga, 300 ball esa eng past darajaga toʻgʻri keladi. Oʻquvchilar tomonidan olingan bilimlar miqdorini hisobga olgan holda bolalarda oʻrtacha maktab yillari 9,1 yilni tashkil etadi.